Mehmonlar uchun
Ofitsiantni qanday chaqirish kerak?
Restoranda o'tiribsiz va ofitsiant kerak bo'ldi. Ko'pchilik "Ukaa!" deb chaqiradi yoki barmog'ini shiqillatadi. Ofitsiant buni eshitadi, albatta. Faqat ichida biroz xafa bo'ladi, siz buni sezmaysiz ham.
Qo'l va ko'z
Unga qarab, qo'lingizni biroz ko'taring. Ko'zingiz to'qnashganda bosh irg'ang. Tamom. Yaxshi ofitsiant buni bir soniyada ilg'aydi.
Ism bilan murojaat
Ofitsiantning ko'ksidagi nishonga qarang, unda ismi yozilgan bo'ladi. "Aziz, iltimos, hisobni olib kelasizmi?" Shu bitta ism bilan butun kechangiz boshqacha o'tadi: xizmat ham, kayfiyat ham.
Restoran madaniyati faqat oshxonada emas. U bizning stolimizdan boshlanadi.